O‘zbekiston Jahon banki ko‘magida jamoat binolarining energiya samaradorligini oshirishga investitsiya qiladi

O‘zbekiston Jahon banki ko‘magida jamoat binolarining energiya samaradorligini oshirishga investitsiya qiladi

World Bank Uzbekistan

PRESS-RELIZ  

VASHINGTON, 2022-yil 24-iyun — Bugun Jahon bankinig ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekistonga 143 million dollarlik imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi. Ushbu mablag‘lar mamlakat hukumati tomonidan jamoat binolarining energiya samaradorligini oshirish loyihasini moliyalashtirish va qurilish sektorida “yashil” energiyaga investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha institutsional va normativ-huquqiy bazani ishlab chiqish uchun sarflanadi.

Imtiyozli moliyalashtirish O‘zbekiston hukumatiga Jahon banki guruhi tarkibiga kiruvchi Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (XTA) tomonidan past foiz stavkasi bo‘yicha 30 yil muddatga, shu jumladan besh yillik imtiyozli davr bilan taqdim etiladi.

O‘zbekistonda yakuniy energiya iste’molining 50 foizi binolar sektoriga to‘g‘ri keladi, ikkinchi o‘rinda sanoat (22 foiz) va transport (20 foiz) sohalari turadi. Tuman shifoxonalarida iste’mol qilinadigan umumiy energiyaning qariyb 70 foizi, maktabgacha ta’lim muassasalarida 84 foizi, qishloq vrachlik punktlarida 88 foizi va maktablarda 97 foizi binolarni isitish uchun sarflanadi.

Jamoat binolarining aksariyati 1970 va 1980-yillarda qurilgan va ularda energiya samaradorligiga katta e’tibor qaratilmagan. Ushbu inshootlarning issiqlik izolyatsiyasi qoniqarsiz darajada va ular harorat qulayligi standartlariga javob bermaydi. Bu binolarda energiya iste’moli yuqori darajada bo‘lgan eski qozonxonalar va suv isitish tizimlaridan foydalaniladi.

Jahon bankining 2021-yilgi tadqiqoti aniqlashicha, maktabgacha taʼlim muassasalari, maktablar va sogʻliqni saqlash muassasalarida energiya samaradorligini oshirish orqali yiliga 7000 gigavatt-soatdan (GVt/soat) ortiq energiya tejalishi mumkin, shundan taxminan 6810 GVt/soati issiqlik va 240 GVt/soatdanmkoʻprogʻi elektr energiyasi koʻrinishida.

“Jahon banki tomonidan moliyalashtirilayotgan ushbu yangi loyiha butun mamlakat boʻylab jamoat binolarining energiya samaradorligini oshirishga yordam beradi. Loyiha binolar sektorining oʻzgaruvchan iqlim sharoitlariga tayyorgarligini oshirish, energiya sarfini kamaytirish va atmosferaga issiqxona gazlari chiqindilarini qisqartirishga yordam beradi”, — dedi Jahon bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli. “Bu yaqinda qabul qilingan Jahon bankining mamlakat bilan 2022-2026-yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturi doirasida amalga oshiriladigan loyihalardan biridir. Uning ustuvor yo‘nalishlari orasida milliy iqtisodiyotning ekologik barqaror o‘sishga o‘tishida O‘zbekistonga ko‘maklashish ham bor”.

Loyiha O‘zbekiston Energetika vazirligi va uning budjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasi (TEJ) tomonidan amalga oshiriladi. Jamgʻarma 2020-yilda iqtisodiy, ijtimoiy va turar-joy sohalarida investitsiyalarni jalb qilish va energiya samaradorligini oshirish loyihalarini moliyalashtirish maqsadida tashkil etilgan.

Loyiha doirasida TEJ mamlakat bo‘ylab qishloq va shaharlarda joylashgan maktabgacha ta’lim, xalq ta’limi va sog‘liqni saqlash vazirliklari muassasalarida energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha tadbirlarni moliyalashtiradi.

TEJ binolarning energiya samaradorligini baholash, chora-tadbirlar ishlab chiqish, zarur ishlarni xarid qilish va moliyalashtirish, shuningdek binolarning energiya tejashini o‘lchash va tekshirish bo‘yicha xizmatlarni taqdim etadi.

Yuqorida qayd etilgan jamoat binolarining energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar ularning issiqlik izolyatsiyasi va isitish, ventilyatsiya, havo almashishi va yoritish tizimlarini takomillashtirishni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, tegishli muassasalardagi ko‘mir qozonlari qayta tiklanadigan energiya manbalariga asoslangan isitish va suv isitish tizimlariga almashtiriladi. Masalan, issiqlik nasoslari va quyosh kollektorlari bilan birlashtirilgan quyosh panellari o‘rnatilishi mumkin. 

Loyiha doirasida qamrab olinadigan jamoat binolari yetarli darajada isitolmaslik yoki qizib ketishning oldini olish uchun milliy harorat qulayligi standartlariga mos keladigan tarzda modernizatsiya qilinadi. Loyiha chora-tadbirlari energiya sarfini kamaytirish, havo sifatini yaxshilash, tegishli muassasalarning, ayniqsa, qish oylarida energiya ta’minoti ishonchliligini oshirish, maktabgacha ta’lim va maktab muassasalari o‘quvchilari, shifoxona bemorlari, shuningdek, ushbu muassasalar xodimlari uchun harorat qulayligini oshirish orqali davlat xizmatlari sifatini yaxshilaydi. 

Qo‘shimcha tarzda, loyiha TEJning turli sohalarda “yashil” energiyani joriy qilish choralariga investitsiya qilish imkoniyatlarini yaxshilaydi. Loyiha “Ijtimoiy, tijorat va ma’muriy-maishiy bino va inshootlarning energiya samaradorligini oshirish” milliy dasturini ishga tushirish va “yashil” energiyaga investitsiya bozorini tartibga solish boʻyicha qonunchilikni ishlab chiqishda yordam beradi. Bundan tashqari, loyiha doirasida fuqarolarning energiya samaradorligi masalalari bo‘yicha xabardorligini oshirish maqsadida targ‘ibot-tashviqot ishlari olib boriladi.

Jahon bankining O‘zbekistondagi dasturi Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyodagi eng yirik dasturlardan biridir. U 5,4 milliard dollarlik moliyaviy majburiyatlarga ega 29 ta loyihadan iborat. Loyihalar turli sohalarda davlat rejalarini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlaydi. Masalan, muhim makroiqtisodiy islohotlar, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, suv resurslarini boshqarish, suv ta’minoti va kanalizatsiya, energiya samaradorligi, transport, sog‘liqni saqlash, ta’lim, aholini ijtimoiy himoya qilish, shahar va qishloq infratuzilmasini rivojlantirish, innovatsiyalar, soliq va statistika tizimlarini isloh qilish yo‘nalishlarida. Shuningdek, Jahon banki rasmiylarga COVID-19 pandemiyasining iqtisodiyot, aholi salomatligi va farovonligiga ta’sirini yumshatishda yordam bermoqda.

Mazkur press-relizni rus tilida oʻqish uchun havola.

Report Page